O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va O‘mon investitsiya agentligi prezidenti Abdulsalam Muhammad Al-Murshidi boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, unda tomonlar O‘mon investitsiya agentligi bilan hamkorlikda olib borilayotgan loyihalar, xususan, xususiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash va sarmoyalar jalb qilish, bank-moliya sohasidagi o‘zaro aloqalar, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda logistika sohasini takomillashtirish yuzasidan fikr almashdi.

Shuningdek, ular mamlakatimizdagi joriy iqtisodiy jarayonlar, xususan, makroiqtisodiy barqarorlik, inflyatsiya darajasining barqarorligini ta’minlash, davlat ishtirokidagi korxonalar va banklar transformatsiyasi hamda xususiylashtirish jarayonlari, energetika sohasida bozor munosabatlarini joriy etish va erkin raqobat muhitini yaratish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda “O‘zbekiston Respublikasida 2024-2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori bu boradagi ishlarda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Mazkur hujjat ijrosida DXSH loyihalarini yanada kengaytirish masalalariga asosiy urg‘u berildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA