Ijtimoiy tarmoqlarda shu yilning 1 oktyabr sanasidan boshlab aliment to‘lovlari 10-15 foizga oshishi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining bo‘lim katta inspektori Hokimjon Ikromov bunga oydinlik kiritdi.

– Xabaringiz bor, joriy yilning 12 avgust kuni qabul qilingan “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, shu yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 15, 1 oktyabrdan boshlab pedagog xodimlarning ish haqi miqdori 15, byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori esa 10 foizga oshirildi.

Shu bilan birga, 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ham 10 foizga oshirilib, 1 155 000 so‘m etib belgilandi.

Yuqoridagilarga asosan xulosa qilish mumkinki aliment undiruvi 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab, qarzdorning nafaqasiga qaratilgan ijro hujjatlari bo‘yicha to‘lanadigan aliment miqdori 15 foizga, 1 oktyabrdan boshlab, qarzdor pedagog xodimlarning ish haqiga qaratilgan ijro hujjatlari bo‘yicha to‘lanadigan aliment miqdori 15 foizga, xususiy sektor va byudjet tashkilotlarida faoliyat yurituvchi qarzdorlarning ish haqiga qaratilgan ijro hujjatlari bo‘yicha to‘lanadigan aliment miqdori esa 10 foizga oshadi.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 oktyabrdan e’tiboran, yurtimizda ish haqi miqdorining 10 foizga oshishi, o‘z navbatida, Statistika agentligi tomonidan e’lon qilib boriladigan respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdoriga ta’sir ko‘rsatib, ishsiz aliment to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan aliment miqdori ham o‘rtacha 10 foizga oshishini anglatadi.

Ma’lumot uchun, agar aliment to‘lovchi shaxs ishlamaydigan bo‘lsa yoki uning ish haqi va daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi, – deydi Hokimjon Ikromov.

M.Eshmirzayeva, O‘zA