Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda tezkor axborot berish markazi faoliyatini tashkil etishga oid masala ko‘rib chiqildi.

MSK Raisi Z.Nizomxo‘jayev saylov kampaniyasi tobora qizg‘in pallaga kirib borayotganini qayd etar ekan, yangicha saylov tizimi asosida o‘tkaziladigan bu yilgi davlat vakillik organlari saylovlariga xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning qiziqishi nihoyatda yuqori ekanini ta’kidladi.

Majlisda qayd etilganidek, bu yilgi saylovlarni kuzatish uchun 50 ta davlatdan 400ga yaqin, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropada Xavfsizlik va xamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi 21 ta xalqaro tashkilotning qariyb 500 nafarga yaqin, 26 ta xorijiy davlatlar saylov komissiyalarining 60 nafar, jami ming nafardan ortiq xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

— Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi O‘zbekistonda saylovlarni kuzatish bo‘yicha to‘laqonli katta Missiya, ya’ni tarkibida asosiy guruh, uzoq muddatli va qisqa muddatli jami 350 nafarga yaqin kuzatuvchilar bilan ishtirok etishi rejalashtirilmoqda, — dedi MSK a’zosi Gulnoza Rahimova. — Xalqaro kuzatuvchilar saylovga tayyorgarlik jarayonlarini kuzatadi, saylov kampaniyasining borishini hamda saylov qonunchiligimizning xalqaro standartlarga muvofiqligini baholaydi. Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi saylovlarga bo‘lgan katta qiziqishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovlarida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi Markaziy saylov komissiyasi qarori qabul qilindi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, MDH Parlament Assambleyasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi kabi xalqaro tashkilotlardan yuborilgan kuzatuvchilarning bir qismi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Hozirda kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazmoqchi bo‘lgan xorijiy va xalqaro tashkilotlar o‘z davlatlaridan turib “E-Saylov” axborot tizimiga kirishi hamda belgilangan namunadagi ma’lumotlarni elektron tarzda kiritib, ko‘rib chiqish uchun yuborish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy kuzatuvchilarning mandatlari ham tizim orqali avtomatik tarzda elektron shaklda mutlaqo yangi ko‘rinishda shakllanadi.

Shuningdek, majlisda Markaziy saylov komissiyasi huzurida Tezkor axborot berish markazini – “Call-center”ni tashkil etish va uning nizomini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, “Call-center” orqali fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar markazlashtirilgan holda qabul qilinib, ularga real vaqt rejimida huquqiy tushuntirishlar va maslahatlar berib boriladi.

“Call-center”ning asosiy vazifalari saylov kampaniyasi davrida fuqarolar bilan real vaqt rejimida muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholiga saylov komissiyalarining faoliyati, saylov jarayonining bosqichlari haqidagi to‘liq va ishonchli axborotni yetkazish, fuqarolarning saylash hamda murojaat qilishga doir huquqlari so‘zsiz amalga oshirilishi uchun zarur sharoitlar yaratish hamda ularning saylov qonunchiligi va saylov jarayonlaridan xabardorlik darajasini oshirish kabilardan iborat bo‘ladi.

Tezkor axborot berish markazi 1 oktyabrdan o‘z ish faoliyatini boshlab, saylov natijalari e’lon qilingunga qadar ish olib boradi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA