O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oliy va professional ta’lim tashkilotlari talabalari hamda o‘quvchilariga ta’lim krediti ajratish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:
oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim kreditini faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi “3” dan past bo‘lgan taqdirda, to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ta’lim kreditini ajratish amaliyoti joriy etiladi.
Oliy ta’lim tashkilotlari talabalari uchun ta’lim krediti ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi va “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimida, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun esa ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Professional ta’lim jarayonlarini boshqarish” (prof.edu.uz) axborot tizimida mavjud bo‘lgan taqdirda ajratiladi.
O‘zA