Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xodimlari hamda Toshkent shahridagi mintaqaviy vakil tomonidan yopiq muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Monitoring tashriflarida, Toshkent shahrida joylashgan Respublika klinik ruhiy kasalliklar shifoxonasi, Ichki ishlar organlarining ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonasi, Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi va “Mehr-saxovat” uyi ko‘zdan kechirildi.
Ushbu harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalardagi sharoitlar, jumladan, yashash joylari, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish sharoitlari, uchrashuv va yuvinish xonalarining holati, kutubxona hamda sayrga chiqish joylaridagi sharoitlar o‘rganildi. Muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
O‘rganish natijasida Respublika klinik ruhiy kasalliklar shifoxonasida oziq-ovqat mahsulotlarini sanitariya-gigiyana talablariga mos ravishda saqlanmasligi aniqlandi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonada muddati o‘tgan dori vositalari saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ombudsman vakillari ushbu kamchiliklarni mas’ullarga ma’lum qilganidan keyin ular zudlik bilan bartaraf etilgan. Keyingi monitoringlarda aynan shu jihatlar qayta tekshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar parlamentga taqdim etiladi.
Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakilining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Nukus shahrida joylashgan 2-son tergov hibsxonasida 300 nafardan ortiq shaxs uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Tadbirga malakali shifokorlar jalb qilindi.
Profilaktik tibbiy tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, ayrimlarda buqoq, qandli diabet, qon bosimi, yurakdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq kasalliklar aniqlandi. Shuningdek, 5 nafar shaxsga ko‘z kasalliklari bo‘yicha mos ko‘zoynaklar va zarur muolajalar buyurildi.
Tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha 22 nafar shaxsga ambulator tartibda davolanish, 5 nafarga qo‘shimcha tekshiruv tavsiya etildi. Shuningdek, 18 nafar shaxsga olayotgan muolajalariga qo‘shimcha dori-darmonlar yozib berildi. 3 nafari jarrohlik amaliyotini o‘tkazadigan bo‘ldi.
Ombudsmanning mintaqaviy vakili mazkur hibsxonada saqlanayotgan shaxslar fikrlarini o‘rganib, murojaatlarini qabul qildi.
N. Abduraimova, O‘zA