Qonunga sharh
Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Bu esa fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini ham oshiradi. Demak, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasidagi amaliy sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirish, fuqarolarga yengilliklar taqdim etish lozim bo‘ladi.
Yaqinda parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilingan “Ipoteka krediti bozorining rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun arzon uy-joylarga bo‘lgan talablarni qondirish va qulayliklar yaratishda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur qonunda ko‘zda tutilayotgan norma va yangiliklar xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Adham Nazirqulov quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Ipoteka krediti bozorini kengaytirishga qaratilgan “Ipoteka krediti bozorining rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan amaldagi 3 ta qonunga — “Ipoteka to‘g‘risida”gi, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi hamda “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bilamizki, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji va talabi yildan-yilga ortib bormoqda. Fuqarolarga asosan ipoteka kreditlari asosida uy-joylar berilmoqda. Aholiga ipoteka kreditlari asosida uy-joy berish uchun esa banklarga yetarli resurs kerak. Bu resurslar qayerdan olinadi? Ushbu resurslar, birinchi navbatda, davlat byudjeti va banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan, shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot bankidan jalb etilgan mablag‘lar hisobidan ajratilmoqda.
Mazkur qonun bilan garov xatini rasmiylashtirish orqali resurslar jalb etish ko‘zda tutilmoqda. Bunda ipoteka krediti olgan shaxsga qo‘shimcha majburiyatlar yuklanmaydi. Faqatgina to‘lovni qabul qiluvchi shaxs o‘zgaradi. Banklar garov xatini ta’minotchi sifatida olib turib, qo‘shimcha mablag‘lar jalb etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Garov xati nima degani? Banklar bergan kreditlarini boshqa shaxslarga aktiv sifatida sotadi va garov xatini oladi. Shu garov xati orqali qo‘shimcha mablag‘ jalb etiladi. Garov xatining onlayn tarzda rasmiylashtirilishi esa ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini oladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi arzon uy-joylarga bo‘lgan talablarni qondirish, garov xatini rasmiylashtirish, uni berish, ipoteka kreditini qayta moliyalash jarayonini soddalashtirish va tannarxini kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, kredit oluvchilarga yengilliklar taqdim etadi, tijorat banklarining ipoteka kreditini ajratish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA