Germaniya taraqqiyot banki – KfW mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Sholsning Samarqand shahridagi Kongress markazida delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari chog‘ida ham alohida qayd etildi.
Xususan, “KfW” banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining moliyaviy-texnik ko‘mak loyihalariga yuqori baho berildi.
– Biz O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy hamkorlik natijasini baholab boramiz, – deydi Germaniya taraqqiyot banki(KfW)ning Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi direktori Andreas Shnayder. – Yaqinda mamlakatingizning Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘ldik. Uchrashuv manfaatli hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzoladik. Buni aloqalarimizning yangi bosqichi deyish mumkin. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi ishonchli hamkorimiz. Biz bundan xursandmiz. Ushbu tashrif barcha sohalardagi hamkorlikni yangi sur’atga ko‘tarishiga ishonamiz. O‘zbekistonga har safar kelganimizda katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz. Xususan, investorlar uchun juda qulay imkoniyatlar kengaymoqda. “KfW” banki va Germaniya hukumati tegishli vazirlik hamda idoralaringiz bilan aloqada. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston juda katta imkoniyatlar mamlakati. Har sohada o‘zgarishlar, rivojlanish yuz bermoqda. Bu taraqqiyot uchun juda ham muhim. Shu bois biz bir qator loyihalarni amalga oshirishni niyat qilganmiz. Jumladan, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarimiz o‘zaro manfaatli bo‘ladi. Bu o‘z navbatida yirik kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish imkoniyatini beradi. Turizm ham rivojlanmoqda. Qadimiy shaharlaringiz xorijiy mehmonlarning sevimli maskaniga aylangan.
Ikrom Avvalboyev, O‘zA