Bugun, 13 sentyabr kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva AQSH prezidentining nogironlarning xalqaro huquqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minakara xonim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, uchrashuvda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash va bu boradagi ishlarni xalqaro standartlar asosida tashkil etish bo‘yicha hamkorlik rejalariga e’tibor qaratildi.
Qayd etilishicha, muloqot davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar «Inson qadri uchun» degan ezgu tamoyil asosida olib borilayotgani alohida ta’kidlandi. Bu boradagi sa’y-harakatlar Sara Minakara xonim tomonidan ham e’tirof etildi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda inklyuziv jamiyatni rivojlantirish va nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha sohalardagi faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muhokama qildi. Shuningdek, nogironlikni erta aniqlash, korreksiya qilish, tibbiy modeldan inklyuziv modelga o‘tish hamda sifatni xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maqbul muhitni yaratish, jamiyatdagi stereotiplarni bartaraf etish hamda bu borada davlat va nodavlat tashkilotlarining vazifalari xususida ham fikr almashildi.
O‘zA