Farmon va sharh
Muvaffaqiyatli biznes egalari, dunyoga mashhur brendlarning yaratilish tarixi haqida qiziqarli ma’lumotlar juda ko‘p. Ular orasida kimdandir olingan arzimagan mablag‘ evaziga oyoqqa turib, xalqaro darajada yuksaklikka yetganlari talaygina. Biznesda shunday – zarur pallada olingan kichik ko‘mak katta natijalarga asos bo‘ladi.
Hayotiy misol. Mahallada yaqinda ishga tushgan katta oziq-ovqat do‘konining ishi orqaga keta boshladi. Sotuvda barcha zarur narsalar bor, lekin savdoning shashti past. Aslida boshida shunday bo‘lishi tabiiy, odamlarning yangi manzilga o‘rganishi biroz qiyin bo‘ldi. Sifat zo‘r, narx boshqalarga nisbatan arzon bo‘lsa hammasi rejadagidek bo‘ladi. Buning uchun biroz vaqt kerak, vaqt esa pul.
Keltirilayotgan ushbu holatda bir zanjirli masala bor. Ya’ni, rastaga mahsulot yetkazib berayotgan korxona rahbari yangi do‘kon egasidan imkon qadar tezroq pul olishni istaydi. Olingan mablag‘ ishlab chiqaruvchining yanada samarali faoliyat yuritishida muhim. Hali ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan tadbirkor esa savdo hajmini oshirmay aytilgan summani kelishilgan muddatda yetkazib bera olmaydi. Unga shu arzimagan muddat – bir oyning nari-berisi uchun moddiy yordam bera oladigan tashkilot kerak. Tashkilot shunday bo‘lishi kerakki, sarmoya ajratish jarayonida ortiqcha hujjatlar so‘ramasin. Ko‘rsatayotgan moliyaviy yordam uchun baland foizda haq olmasin. Endi mamlakatimizda ana shunday imkoniyatni beruvchi faktoring xizmati rivojlanadi.
Yuqoridagi jarayonni bejiz batafsil keltirmadik. Chunki ushbu sharh shunga yaqin muammoga duch kelayotgan ishbilarmonlarga foydali bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2024 yil 12 avgustda “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Mutaxassislar faktoringni kelgusida qilinadigan daromadni pulga ayirboshlash deb ataydi.
So‘zimiz boshidagi misolni yakuniga yetkazamiz. Do‘konni endi ochgan o‘sha tadbirkorda hali kredit olishga arziydigan “tarix” yo‘q. Garovga qo‘yadigan mol-mulkka ham ega emas. Bir qarashda banklar uchun ishonchsiz sub’ekt. Lekin mahsulot yetkazib beruvchi – ishlab chiqaruvchi katta mablag‘ aylanmasiga ega. Uning faoliyati maqtagulik, iqtisodiy jihatdan baquvvat. Bu ikki tadbirkor o‘rtasiga faktoring xizmati – bank, mikromoliya tashkiloti yoki faktoring tashkiloti tushadi.
Bu qanday bo‘ladi? Misol uchun, faktoring xizmati ko‘rsatuvchi tovar yetkazib beruvchiga bir-ikki kunda belgilangan summani to‘lab beradi. Ma’lum muddat, aytaylik tovarlar sotib bo‘linganidan so‘ng do‘kondordan mablag‘ni undirib oladi. Bu uch tomonlama kelishuv qisqa muddat uchun mo‘ljallangani, xizmat ko‘rsatish haqi kam foizliligi va jarayonning tez amalga oshirilishi bilan barchaga manfaatli sanaladi. Aniqrog‘i, do‘kon egasi tovarga ega bo‘ladi, yetkazib beruvchi esa o‘z pulini tezroq qo‘lga kiritadi, faktoring kompaniyasi esa belgilangan komissiyasini oladi.
Odatda, kredit berish chuqur tahlilni talab qiladi. Bunda tadbirkorning moliyaviy holati va garov imkoniyatlari o‘rganiladi, notarial va sug‘urta xizmatlari uchun xarajatlar qilinadi. Bir so‘z bilan aytganda o‘ziga xos hujjat to‘plash bosqichiga egaligi bilan faktoringdan farqlanadi. Bu mablag‘ uzoq muddatli yirik loyihalarga ajratilmayotgani uchun qog‘ozbozligi kam. Qisqa muddat uchun, kam foizlar evaziga rasmiylashtiriladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, faktoring tashkilotlari nobank kredit tashkiloti sifatida Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tgandan keyin ushbu faoliyat bilan shug‘ullanadi. Kelgusi yilning 1 yanvaridan kredit tashkilotlariga faktoring shartnomalari bo‘yicha sotib olingan pul talabnomalarini qayta sotish imkoniyati beriladi.
Shuningdek, mijozning kontragenti norezident bo‘lganda, faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga ruxsat etiladi.
– Bu hujjat tayyorlanish jarayonida Xitoy, Turkiya va Meksika kabi davlatlar tajribasi o‘rganildi, – deydi Markaziy bank departamenti direktori Sanjar Nosirov. – Bir qancha xalqaro standartlar ko‘rib chiqildi. Risklarni boshqarish, xizmatni kengaytirish masalalari tahlil qilindi. Bu xizmat ommalashsa qarorlar tez qabul qilinib, mablag‘lardan unumli foydalaniladi. Kelgusida faktoring xizmatlarini ko‘rsatish raqamlashtiriladi. Bunday xizmatlar uchun elektron platforma joriy etiladi. U bir qator imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Aytaylik, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xizmatlardan foydalanish uchun pul talabnomalari to‘g‘risidagi ma’lumot va hujjatlarni kiritish mumkin bo‘ladi. Tegishli hujjatlarning haqiqiyligini tekshirish, shuningdek, qarzdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tezkor yig‘ish jarayonini avtomatlashtiriladi. Zarur vazirlik, idora va tashkilotlar resurslarining integratsiya qilinishi ishning tezkorligini oshirishda muhim omil bo‘ladi. Bundan tashqari, sohaga xizmat qiladigan boshqa platformalar ham ishlab chiqilishi mumkin. Rejalar katta, 2026 yil yakuniga qadar davlat ulushi mavjud banklar tomonidan ko‘rsatilgan faktoring xizmatlari ulushini jami moliyalashtirish hajmida uch foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Xalqimiz iqtisod, pul va tadbirkorlik mavzusida azaldan ilmli. Lekin zamon bu borada yanada shiddatli bo‘lishni talab etmoqda. Yaqin istiqbolda faktoring xizmatlarining kengayishi tijorat banklari bilan sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltiradi. Bu jarayon esa mamlakatda tadbirkorlikning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri