Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Rossiya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida RF iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan muzokara o‘tkazdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar savdo-iqtisodiy munosabati rivojlanishi sur’atini jadallashtirish, sarmoyaviy va hududlararo hamkorlik ko‘lamini kengaytirish imkoniyatini muhokama qildilar.
Ta’kidlanishicha, birinchi yarim yillikda Rossiya bilan tovar ayirboshlash, asosan eksport hisobiga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29 foiz oshgan. Ayni payt yurtimizda RF kapitali ishtirokida 3 mingdan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. 2023 yil oxirida avtomobil va temir yo‘l transportida tashilgan yuk hajmi o‘rtacha 35 foiz o‘sdi. Havo qatnovida ham son va sifat darajasida sezilarli yuksalish kuzatildi.
Oliy va yuqori darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan investitsiya bitimlari va loyihalar bajarilishini nazarda tutgan holda, amaldagi kelishuvlar ijrosi holati ko‘rib chiqildi.
Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filialini ochish va Strategik tashabbuslar ekspert markazi faoliyatini tashkil etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu loyihalarning amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilindi.
Shundan so‘ng vazirlar rektor To‘lqin Teshaboyev hamrohligida universitetni aylanib, tashabbusni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdilar.
G.Sattorova,
O‘zA