Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yig‘ilishida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
Vazir o‘z chiqishida Kengash a’zolarining nafaqat Raqamli texnologiyalar vazirligi faoliyatini, balki mamlakatimizda olib borilayotgan raqamlashtirish va elektron hukumat yo‘nalishidagi ishlarni yanada rivojlantirish, sohani takomillashtirish borasidagi taklif va mulohazalari muhimligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni mazmun-mohiyati, unda belgilab berilgan vazifalar, xususan, Jamoatchilik kengashlari faoliyatiga oid bandlar, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Jamoatchilik kengashi davlat organining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun davlat organini fuqarolar bilan bog‘lab turadigan “ko‘prik” rolini bajarishi aytib o‘tildi.
Muhokamalarga boy o‘tgan yig‘ilishda kengash a’zolari –“Ishonch” va “Ishonch-Doveriya” gazetalari bosh muharriri H.Ermatov, “Digital Generation Uzbekistan” NNT direktori A.Jalolov, soha faxriysi H.Muhitdinov va boshqalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, Kengash faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil qilish bo‘yicha takliflar berdi.
Yig‘ilish so‘nggida Jamoatchilik kengashining keyingi faoliyatini kengash a’zolarining takliflari asosida ishlab chiqiladigan reja bo‘yicha tashkil qilishga kelishib olindi.
N.Rahmonova, O‘zA