Yaqinda Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbariyati hamda Turkiyaning Energetika va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari, «MTA International Mining Inc.» (MTAIC) kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Berat Cho‘nkar boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda ikki tomon vakillari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida tog‘-kon sanoati hamda tabiiy resurslar yo‘nalishidagi hamkorlik rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Shundan so‘ng turk tomoni bu boradagi tajriba hamda xorijiy davlatlardagi faoliyati xususida to‘xtaldi. Unga ko‘ra, MTAIC xorijdagi kon qazish salohiyatiga ega bo‘lgan hududlarda minerallar, qimmatbaho metallar bo‘yicha geologik (yer osti), geofizik va geokimyoviy tadqiqotlar o‘tkazadi. Iqtisodiy jihatdan foydalanishga yaroqli bo‘lgan konlarda ob’ektlar tashkil etish orqali xomashyo ishlab chiqarishni amalga oshiradi.

Shuningdek, muloqot chog‘ida MTAIC kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilgan «MTA Tashkent Mining Company» korxonasi faoliyatini kengaytirish istiqbollariga ham e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, mazkur korxona O‘zbekistonda foydali qazilmalarni tadqiq etish va qidirish faoliyatini amalga oshiradi. U 2019 yilda o‘z faoliyatini boshlagan.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida ushbu xorijiy kompaniya tog‘-kon sanoati sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etdi. Vazirlik rahbariyati tomonidan hamkorlikning barcha turlari qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlanib, taklif etilgan loyihalar bo‘yicha hamkorlikning aniq rejalari belgilab olindi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA