Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Majlisda, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritilayotgani va uning ahamiyati, zaruratiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mazkur faoliyat turiga qo‘yiladigan talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatilishi, shuningdek, xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanayotgani aytib o‘tildi.
Mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilmoqda.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA