O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi arafasida qardosh Qozog‘istondagi “Foliant” nashriyotida o‘zbek tilidagi kitoblar nashrdan chiqdi.

Bolalarga mo‘ljallangan “Uch ayiq”, “Fil va maymun”, “Yo‘lbars va sichqon”, “Bola va qaldirg‘och, “Chumchuq va sichqon” nomli ertak to‘plamlariga qozoq xalq ertaklari kiritilgan. Bu ertaklarni qozoq tilidan o‘zbekistonlik adiba Muhabbat Yo‘ldosheva o‘zbek tiliga o‘girgan.

— “0+” belgisi bilan chiqqan rang-barang, suratlarga boy, yuqori sifatli qog‘ozga bosilgan bu kitobchalar eng kichik yoshdagi ertaksevar bolajonlarimiz uchun yaxshi sovg‘a bo‘ladi, deb o‘ylayman, — dedi Muhabbat Yo‘ldosheva. — Markaziy Osiyodagi eng yirik nashriyotlardan biri hisoblanuvchi “Foliant” 1996 yildan beri noshirlik sohasida faoliyat yuritib kelmoqda.

“Foliant” nashriyoti shu paytgacha qozoq va rus tillarida bolalar va o‘smirlar uchun turli janrlardagi ko‘plab badiiy asarlarni, rasmli ilmiy-ommabop kitoblarni va darsliklarni nashr qilgan.

Shuningdek, “Foliant” nashriyoti Yevropa va Osiyo mamlakatlari noshirlari, kitob savdosi, ilmiy-ta’limiy va matbaa kompaniyalarini birlashtiruvchi Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazmasi — “Eurasian Book Fair”ning tashkilotchisi sifatida ham  faoliyat ko‘rsatadi.

N.Usmonova,  

O‘zA