O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan inson huquqlari borasidagi islohotlardan xalqaro hamjamiyatni xabardor etish maqsadida mamlakatimizning BMTdagi doimiy vakolatxonasida qator tadbirlar va muhim uchrashuvlar o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarda Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ishtirok etdi.
BMT Taraqqiyot dasturi shtab-kvartirasida BMTning Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Ivana Jivkovich bilan uchrashuvda O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, jumladan, inson huquqlari, parlament saylovlari, bu boradagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar, shuningdek, Ombudsman instituti faoliyati haqida so‘z bordi. O‘zaro muloqot davomida keyingi yillarda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi aloqalar tobora kuchayib borayotgani, hozirgi vaqtda O‘zbekiston inson huquqlarini ta’minlash, xususan, gender tengligi sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda mintaqada yetakchi ekanligi qayd etildi.
Ivana Jivkovich Ombudsman hamda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash hamda yanada kuchaytirishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar istiqboldagi hamkorlik loyihalari yuzasidan fikr almashishdi.
O‘zbekiston Ombudsmani xizmat safari doirasida BMT tuzilmalari yig‘ilishlarida ishtirok etdi hamda Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarning Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi rahbari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) va qator boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashdi.
BMT Bosh kotibining inson huquqlari bo‘yicha yordamchisi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi rahbari Ilse Brands Keris bilan uchrashuvda 2023 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurkning O‘zbekistonga tashrifi barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qilgani ta’kidlandi. F.Tyurk Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvini hamon iliqlik bilan eslashi qayd etildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar yuksak baholandi.
“Biz sizning mamlakatingizda amalga oshirilayotgan ijobiy jarayonlardan xabardormiz va O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatining huquqiy asoslari kuchaytirilayotganini kuzatib bormoqdamiz va buni muhim deb hisoblaymiz”, — dedi BMT vakili. Muloqot davomida u Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish borasidagi faoliyatini dolzarb deb hisoblab, inson huquqlari bo‘yicha qonunchilikka takliflarni tashabbus huquqi tartibida ilgari surish, fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash, aholining, shu jumladan, yoshlarning inson huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. O‘zbekiston bilan mamlakat uchun ustuvor bo‘lgan barcha sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
N.Abduraimova, O‘zA