Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) tomonidan Ostona shahrida tashkil etilgan “Raqamli inklyuziya va transformatsiya bo‘yicha Osiyo – Tinch okeani vazirlar konferensiyasi”da ishtirok etdi.

Vazirlar konferensiyasi barqaror rivojlanish uchun raqamli innovatsiyalarni jadallashtirish uchun zarur bo‘lgan mintaqaviy hamkorlik rejasini ko‘rib chiqdi. Unda Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi hukumat rahbarlari va vazirlar hamda boshqa muhim manfaatdor tomonlar raqamli inklyuziya va transformatsiya, mintaqada barqaror rivojlanishning qanday borishini muhokama qildi.

Vazirlar konferensiyasi, shuningdek, raqamli tafovutni bartaraf etish, raqamli ko‘nikmalarni o‘qitishni ta’minlash, raqamli ulanishni kuchaytirish, raqamli xavfsizlikni ta’minlash hamda raqamli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Vazir Sh.Shermatov konferensiya doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlarini jadal amalga oshirish uchun inklyuziv va barqaror raqamli kelajakni qurish siyosatining istiqbollari” mavzusidagi panel sessiyasida o‘z nutqi bilan ishtirok etdi.

Vazir nutqi davomida O‘zbekistonning raqamli kelajagi va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va tashabbuslar bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarning iqtisodiy o‘sishi ijtimoiy inklyuzivlik va ekologik barqarorlik uchun kuchli vosita bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Vazir fuqarolarga qulaylik yaratish hamda ularning yashash tarzini yengillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan Davlat xizmatlari portali byurokratik jarayonlarni soddalashtirish bilan birga samaradorlik va shaffoflikni oshirayotganini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, Raqamli davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inklyuzivlikni rivojlantirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlar olib borilayotgani qo‘shimcha qilindi.

O‘z navbatida, mahalliy va xalqaro IT-kompaniyalarni jalb qilish, yoshlar va ayollarni faol ish bilan ta’minlovchi texnologik ekotizimni rivojlantirish maqsadida soliq imtiyozlari taqdim etilayotgani ta’kidlandi.

N.Rahmonova, O‘zA