O‘zbekiston Respublikasining Kuala-Lumpurdagi elchixonasida Malayziyada istiqomat qiluvchi mamlakatimiz fuqarolari qonuniy huquqi va manfaati muhofazasi masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ushbu davlat Ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Semenix” Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi boshlig‘i ishtirokidagi muloqot davomida O‘zbekistonda xavfsiz mehnat migratsiyasini tashkil etish va xorijda ishlayotgan yurtdoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

O‘z navbatida Markaz boshlig‘i har yili Malayziyaga 29 million chet ellik tashrif buyurayotganiga urg‘u berib, ularning ayrimlari mahalliy qonunlarni buzishi holatlari uchrab turishini aytdi. Qoidabuzarlar orasida fuqarolarimiz yo‘qligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston fuqarolariga zarur yuridik va boshqa shaklda yordam ko‘rsatish uchun yaqin aloqa o‘rnatishga kelishildi. Malayziya tomoni ham chet elliklarni vaqtincha saqlash markazi tajribasi bilan almashish maqsadida respublikamiz vakolatli idoralari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Aziza Alimova, O‘zA