O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Hududlarda sanoat salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, mamlakatning barcha tuman va shaharlarida sanoat korxonalari bilan ishlash bo‘yicha “respublika – viloyat – tuman” tamoyili asosida vertikal tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Hududlarda sanoat korxonalari bilan manzilli ishlash maqsadida:

tuman va shaharlarda hokimning birinchi o‘rinbosari boshchiligida soliq va statistika organlari, banklar va iqtisodiy infratuzilma korxonalarining rahbarlarini o‘z ichiga oluvchi hududiy shtablar;

iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari rahbarligida hududiy shtablar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika shtabi tuziladi.

Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari hamda tuman va shahar hokimlari hududiy shtablar faoliyatini samarali tashkil etish, korxonalarning samaradorligini oshirish hamda ularning muammolarini tezkor hal etishga har tomonlama ko‘maklashish uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Energetika vazirligi, Markaziy bank, Soliq va Bojxona qo‘mitalari, Statistika agentligi va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan Respublika shtabi so‘roviga muvofiq, sanoat korxonalariga oid ma’lumotlar hududiy shtablarga taqdim etilishi ta’minlanadi.

Hududiy shtablar tomonidan har hafta sanoat korxonalari muammolarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan ma’lumotlar Respublika shtabiga, Respublika shtabi tomonidan esa har oy hududlar kesimidagi ma’lumotlar va tizimli muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

2024 yil 1 sentyabrdan boshlab:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tarkibida Sanoatni rivojlantirish yig‘ma bo‘limlari tashkil etiladi;

tumanlar (shaharlar) iqtisodiyot va moliya bo‘limlarida sanoatni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari boshlig‘i;

tumanlar (shaharlar) iqtisodiyot va moliya bo‘limlari boshlig‘i etib belgilanadi.

O‘zA