Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Strategik islohotlar agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi tayyorlandi.
Unda davlat xizmatini rivojlantirish agentligi – Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda «El-yurt umidi» jamg‘armasining doimiy hamkorligiga asoslangan davlat xizmatida kadrlar tayyorlash klasterini joriy etish nazarda tutilgan.
Davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasini dastlab bir yil muddatga tuzilishi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra shartnoma doimiy muddatga uzaytirilishi belgilanmoqda. Davlat xizmatiga ilk bor qabul qilinganlar dastlab majburiy qayta tayyorlash kurslarida, keyinchalik har uch yilda malaka oshirib borishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, rahbarlikka iqtidorli kadrlarni tanlov asosida jalb etishga qaratilgan «TOP-100» dasturini joriy etishga doir taklif ishlab chiqilgan.
Davlat xizmatchilarida kasbiy madaniyatni shakllantirish maqsadida Agentlikda Odob-axloq komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha bo‘linma tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat organlaridagi lavozimlarni egallash bo‘yicha ochiq tanlovlarni o‘tkazishning huquqiy tartibotlari mustahkamlanmoqda hamda ushbu sohada qonunbuzilish holatlariga javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Davlat xizmatida oylik ish haqi tizimini tubdan isloh qilish belgilanmoqda. Bunda lavozimlar yuklatilgan vazifalarning murakkabligi darajasiga ko‘ra «greyd» (sinf)larga ajratilib, ish haqi belgilanishi nazarda tutilgan.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tuzilmasida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
N.Abduraimova, O‘zA