Bugungi kunda fuqarolarga qurilayotgan ob’ektlar to‘g‘risida mustaqil ravishda axborot olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash, qurilish ob’ektlarida aniqlangan qoidabuzarliklarni qayd etish (foto va videomateriallar ko‘rinishida) va ularni qurilish sohasidagi nazorat bo‘yicha vakolatli organlarga yuborish imkonini beruvchi “Ogoh fuqaro” elektron tizimi yaratilgan.

Foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida OneID – Yagona identifikatsiya tizimiga integratsiya qilingan. Tizim jamoatchilik vakillariga respublikamizda noqonuniy qurilayotgan ob’ektlar haqidagi ma’lumotlarni foto va video ko‘rinishida jo‘natish imkonini beradi.

Mobil ilovaning bosh sahifasida ob’ektlar xaritasi yaratilgan bo‘lib, bunda viloyatlar kesimida statistik hisobotlar va ob’ektlar sonini, har bir ob’ekt manzili, nomi, pudratchi, ariza raqami, ob’ekt ro‘yxatdan o‘tgan va foydalanishga topshirilgan sana hamda boshqa bir qator ma’lumotlarni ko‘rish imkoniyati yaratilgan.

Bu haqda parlament quyi palatasi majlisida aytib o‘tildi. Unda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.Hidoyatovga “Qurilish sohasining shaffofligini ta’minlash va qurilish ishlarini kuzatib borish uchun jamoatchilikka imkoniyat yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” yuborilgan parlament so‘roviga berilgan javob ko‘rib chiqildi.

Parlament so‘rovida fuqarolarga qurilayotgan ob’ektlar to‘g‘risida mustaqil ravishda axborot olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash, “Ogoh fuqaro” hamda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi elektron platformalari va geoportaldan samarali foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘ralgan edi.

Majlisda qayd etilganidek, qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiluvchi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini ishga tushirish bo‘yicha vazirlik tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Qurilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” tomonidan tizim doirasida “Qurilish sifat nazorati”, “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi”, “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertiza xulosalari” elektron reyestri, “Investitsiya dasturidagi ob’ektlar qurilishi monitoringi” axborot tizimlari va “Qurilish sohasida davlat xizmatlari” platformasi ishlab chiqilib, ishga tushirilgan.

Mazkur axborot tizimlari 15 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilingan. Natijada tizim 2021 yil 1 yanvardan boshlab respublikaning barcha hududida to‘liq ishga tushirilgan.

Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish Respublika markazi faoliyati tashkil etilib, unga “Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimi” idoralararo geoaxborot dasturiy kompleksini yuritish va operator funksiyasini bajarish, shuningdek, ushbu tizimga ma’lumotlarni joylashtirish, saqlash, fazoviy ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash va ulardan foydalanish huquqlarini boshqarish vakolati berilgan.

Shuningdek, Davlat dasturlari doirasida ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari muntazam ravishda Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimiga kiritib kelinmoqda.

M.Komilova,

O‘zA