Fransiyaning Parij shahri XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari bilan xayrlashish asnosida XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarini qarshilashga hozirlanmoqda.
Joriy yilning 28 avgust-8 sentyabr kunlari matonatli va irodali sportchilar o‘rtasida tashkil etiladigan to‘rt yillik o‘yinlarning bu galgi bahslarida mamlakatimizning 65 nafar sportchisi 9 ta sport turi bo‘lgan para yengil atletika, para taekvondo, para o‘q otish, para suzish, para kanoe, para akademik eshkak eshish, para dzyudo, para pauerlifting va para velosport yo‘nalishlaridagi 113 ta sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Ayni ko‘rsatkich O‘zbekiston paralimpiyasi tarixida rekord ko‘rsatgich bo‘lgani bilan e’tiborlidir.
Taqqoslash uchun, paralimpiyachilarimiz 2016 yil Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda 32 ta, Tokio o‘yinlarida 70 ta litsenziyani qo‘lga kiritgandi.
Poytaxtimizdagi Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston paralimpiya delegatsiyasini Parijga kuzatish marosimida shu haqda so‘z bordi.
Davlat madhiyasi sadolari ostida tantanali ravishda boshlangan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari Diyora Keldiyorova, Ulug‘bek Rashitov, para yengil atletika bo‘yicha jahon chempioni, “Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlari kumush medal sovrindori Asila Mirzayorova yurtimizda imkoniyati cheklangan insonlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, qulayliklar, qo‘llab-quvvatlashlar xususida to‘xtalib, Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlash para sportchilar oldida turgan muhim vazifa ekanligini, matonat va iroda sohiblari bo‘lgan paralimpiyachilarimizning xalqaro maydonda erishgan natijalari “Parij-2024” o‘yinlarida yanada ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.
– Paralimpiya o‘yinlarida para taekvondo WT yo‘nalishi bo‘yicha bahslarda qatnashaman, – deydi Guljanoy Naimova. – Mazkur nufuzli musobaqaga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Mamlakatimizda biz, yoshlarning ta’lim-tarbiya olishimiz, sport bilan muntazam shug‘ullanishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston yoshlarining irodasini, shijoatini, salohiyatini namoyon qilishga astoydil harakat qilamiz. Shuningdek, «Tokio-2020»dagi oltin medalimni himoya qilib, ikki karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lishni niyat qilganman.
Tantanali kuzatish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov “Parij-2024” yozgi XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari etib belgilangan para atletika bo‘yicha jahon va qit’a chempioni, Osiyo hamda Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari Husniddin Norbekov hamda Mohigul Hamdamovaga O‘zbekiston bayrog‘ini tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining o‘rinbosarlari nogironlar sportini qo‘llab-quvvatlash va ularning muammolarini hal etish va rivojlanishiga ko‘maklashishi aytib o‘tildi.
Jumladan, agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Milliy paralimpiya qo‘mitasiga, agentlik o‘rinbosarlari Sirojiddin Abdullayev O‘zbekiston Maxsus Olimpiadasiga, Jamshid Abruyev O‘zbekiston ko‘zi ojizlar sportiga, agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya boshlig‘i Xusniddin Qutpiddinov O‘zbekiston Karlar sport federatsiyasi raislariga birinchi o‘rinbosarlar etib tayinlandi.
Bundan buyon mana shu tizimga Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining o‘rinbosarlari – O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga bugungacha rahbarlikni amalga oshirib kelgan Muxtorxon Toshxo‘jayev umumiy rahbarlikni olib borishi belgilandi.
Tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir Botir Ergashevning para sportchilarimizga bag‘ishlangan she’ri ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Aytish lozim, “Parij-2024” yozgi Paralimpiya o‘yinlarining 113 ta litsenziyasini qo‘lga kiritgan 65 nafar para atletimizning 29 nafari, ya’ni 45 foizi ayol sportchilar ekanligini O‘zbekistonda xotin-qizlar sportini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarni faol turmush tarzi bilan qamrab olish, ularning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash borasida olib borilgan islohotlarning samarasi, deyish mumkin.
Yo‘llanmalar holatiga e’tibor qaratilsa, bu galgi Paralimpiya o‘yinlarida para o‘q otish bo‘yicha ilk bor o‘zbekistonlik ayol sportchi – Shahnoza Mamajonovaning ishtirok etayotgani, para velosport turida ikki nafar para sportchimizning velopoyganing 8 ta yo‘nalishida qatnashayotgani, shuningdek, para kanoe, para taekvondo, para pauerlifting va para yengil atletika sport turlarida rekord darajada litsenziyalar qo‘lga kiritilgani O‘zbekistonda para sport harakati rivoji yangi bosqichga ko‘tarilganining amaldagi isbotidir.
Kuzatish marosimi yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov keng jamoatchilikka, xalqimizga o‘z irodasi, matonati, ruhiy quvvati bilan ibrat bo‘lib kelayotgan para sportchilarimizga to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida omadlar yor bo‘lishini tilab duoga qo‘l ochdi.
Eslatib o‘tamiz, “Parij-2024” XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi 28 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA muxbirlari.