Alohida toifadagi yo‘lovchilar temir yo‘l transportida yiliga bir marta bepul yurishi mumkin

624

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator masalalar muhokama qilindi.

Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2024 yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti ko‘rib chiqildi.

Hisobotda keltirilishicha, joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foizni tashkil qildi. Davlat byudjeti daromadlari 120,9 trln so‘mga yetib, 14 foizga ko‘paygan. Deputatlar davlat byudjeti ijrosiga partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda yondashib, ijtimoiy yo‘nalishga ajratilgan mablag‘lar bilan qiziqdilar. Qayd etilganidek, bu borada bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, «Yoshlar daftari»ga jami 133 ming 718 nafar yosh kiritilgan bo‘lib, 75 ming 599 nafar yoshlarga xarajatlar uchun 146,3 mlrd so‘m qoplab berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda «Temir yo‘l transporti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasi 9 bob 59 moddadan iborat bo‘lib, 17 ta yangi tushunchalar kiritilmoqda. Qonun loyihasi bilan temir yo‘l transporti sohasini tartibga soluvchi davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlari,  tashuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Shuningdek, harakatdagi temir yo‘l tarkibi va temir yo‘llarini belgilangan tartibda tegishli davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, alohida toifadagi yo‘lovchilarga temir yo‘l transportida yiliga bir marta bepul yurish huquqini belgilash nazarda tutilyapti.

Mazkur loyihaning qabul qilinishi qonun hujjatlarida tartibga solinmagan masalalarni huquqiy jihatdan ta’minlash, bo‘shliqlarni, nomuvofiqliklar va turlicha talqin etish holatlarini bartaraf etish, tashuvchilar, tadbirkorlik sub’ektlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining o‘z vazifa va funksiyalarini bajarishda va o‘zaro munosabatlarda mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA