Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti devonining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha katta maslahatchisi Uorren Evans o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida “Muzliklardan fermer xo‘jaliklarigacha” (G2F) mintaqaviy loyihasi masalalari hamda mazkur loyihani BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP-29) ishtirokchilarining 29-konferensiyasida yuqori darajada taqdim etish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan ajratilgan umumiy byudjeti 1,5 million AQSH dollari bo‘lgan mintaqaviy G2F loyihasini tayyorlash dasturi avval tasdiqlangan bo‘lib, ushbu dastur doirasida Farg‘ona vodiysidagi Norin daryosi uchun batafsil tadqiqotlar va iqlim xavfini baholash amalga oshiriladi.
–OTBning qo‘llab-quvvatlashi va hamkorligi, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash Markaziy Osiyo nufuzini oshirish va mintaqa manfaati yo‘lida iqlim o‘zgarishi va xavfsizlik muammolarini hal etishda muhim ahamiyatga ega, – deydi A.Abduhakimov. – Tabiat chegara bilmaydi. Beshta davlat – bir ovoz, bir kun tartibi. Aslida, biz hammamiz iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini, jumladan, iqlim migratsiyasi, suv tanqisligi, kam hosil va past daromad kabi muammolarni boshdan kechirmoqdamiz. Bizning birgalikdagi harakatlarimiz, loyiha va dasturlarimiz o‘zaro ishonch va hurmat muhitini, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
OTB G2F loyihasi turizm va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish salohiyatiga ega baland tog‘li qishloqlarni barqaror rivojlantirishga yo‘naltiriladi. OTB tomon iqlim migratsiyasi xavfli hodisalar bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidladi va hozirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda mamlakat bo‘ylab 9 ming 500 dan ortiq mahallaga ta’sir ko‘rsatadigan loyiha ko‘rib chiqilmoqda.
Uchrashuvda OTB mas’ullari mamlakatda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan joriy islohotlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, OTB iqlim o‘zgarishi bo‘yicha kurs ishlab chiqish va “Green University”da tashkil etilgan iqlim rezidensiyasiga ekspertlarni jalb qilish doirasida tajriba almashishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA