Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Ushbu qonun loyihasi bilan yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik bilan bog‘liq qilmishlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda, — dedi deputat Dilorom Imomova. — Xususan, Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat-protsessual kodekslarida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish bilan bog‘liq jinoyatlar prokuratura organlarining tergoviga taalluqli ekani belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari cudlarda o‘zboshimchalik bilan egallangan davlat egaligidagi yer uchastkalarini qaytarish hamda noqonuniy qurilmalarni buzib tashlashga oid ishlarni ko‘rib chiqishning alohida tartibini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari fuqarolik va iqtisodiy sudlarga yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi bilan bog‘liq ariza kiritganda, davlat bojidan ozod etilishi belgilanmoqda.
Deputat qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomidagi o‘zgarishlar haqida ham batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yer resurslaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, yerlarni noqonuniy egallab olishning oldini olish, yer qonunchiligiga rioya qilishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA