Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Szyan Szyango boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqand shahrida bo‘ldi.

Mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi va boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishdi.  Xitoy delegatsiyasiga mazkur obidalarning yaratilish tarixi va ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyati hamda yurtimizda ushbu merosni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Szyan Szyango Samarqand qadimiy buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan shahar sifatida mintaqada savdo-iqtisodiy munosabatlar, ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shganini e’tirof etdi.

Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Szyan Szyango hamda delegatsiya vakillari kuni kecha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida o‘tkazilgan “Inson huquqlari sohasidagi global trendlar va mintaqaviy xususiyatlar: O‘zbekiston – Xitoy nazariyasi” mavzusida davra suhbatida qatnashgan edi.

Anjuman inson huquqi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va har tomonlama tajriba almashish, sohaga oid dolzarb global tendensiyalar va mintaqaviy xususiyatlarni muhokama qilish, har ikki mamlakatda inson huquqi bilan bog‘liq holatni yaxshilashga qaratilgan qo‘shma strategiya va tashabbuslar ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan edi.

G‘.HASANOV,  

A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari