Saylov-2024

Bugun, 29 iyul kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘EP Markaziy Kengashi a’zolari, hududiy va tuman (shahar) hamda boshlang‘ich partiya tashkilotlari raislari, faollar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq MSK tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘yicha kampaniya boshlangani e’lon qilinishi munosabati bilan partiyaning ushbu saylovda ishtirok etishi bilan bog‘liq masala muhokama etildi.

Plenumda partiya yetakchisi Abdushukur Hamzayev ma’ruza qilib, joriy yilgi saylov mutlaqo yangicha – aralash saylov tizimi asosida o‘tayotgani, bu jarayon siyosiy partiyalardan alohid faollik talab qilishini qayd etdi.

– Bo‘lajak saylovda partiyamiz elektorati, ko‘p ming sonli jamoamiz, deputatlar, olimlar korpusi, ona tabiatga befarq bo‘lmagan barcha faollar oldida jiddiy sinov, mamlakat hayotiga daxldorlik mas’uliyati turibdi, – dedi partiya raisi. – Mamlakatimiz siyosiy maydonida o‘z o‘rniga ega O‘zbekiston Ekologik partiyasi parlament saylovida munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishish tarafdori. Tashkil topganiga endi besh yil bo‘lishiga qaramay, partiyamiz o‘tgan davr mobaynida barcha muhim siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etdi. Maqsadimiz mamlakatning barqaror rivojlanishi asnsoida ekologik xavfsizlikka erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhit yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishdan iborat.

Majlisda O‘zbekiston Ekologik partiyasining saylovda ishtirok etishi yuzasidan yakdil qaror qabul qilindi. Joriy yilgi parlament quyi palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylov kampaniyasida partiya ishtirok etishi bo‘yicha, Saylov kodeksiga muvofiq, Endi Markaziy saylov komissiyasiga ariza topshirilishi ma’qullandi.

Endi partiya saylovda qatnashishni qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plashga kirishadi. Shuningdek, partiya Markaziy Kengashi tomonidan markaziy, hududiy va tuman (shahar) partiya tashkilotlari qoshida saylov shtablari tuziladi.

Gibrid shaklda o‘tgan plenumda partiyaning hududiy, tuman va shahar partiya tashkilotlari konferensiyalari va partiya forumini yuksak saviyada o‘tkazish yuzasidan barcha tuzilmalar oldida turgan vazifalar belgilab berildi.

Muhokama jarayonida hududiy tashkilotlar vakillari, faollar so‘z olib, mazkur saylovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha takliflar bildirishdi.

O‘tkir ALIMOV,

Rustam NAZARMATOV (foto),

O‘zA