Sud hukmi talablarini bajarmaslik og‘irroq javobgarlikka sabab bo‘ladi

606

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida nazorat ostidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari B.Abdullayev hujjat bo‘yicha ma’ruza qilib, hozirgi kunda respublikamizda ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar o‘rtasida profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishi holatlari ortib borayotganini ta’kidladi. Bu esa ushbu yo‘nalishdagi huquqiy ta’sir choralarini qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan Jinoyat va Jinoyat-ijroiya kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash hamda ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni, ichki ishlar organlari nomidan 185-2 va 187-moddalari bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolati probatsiya xizmatining katta inspektori (inspektori)ga berish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tash davrida hukm talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish va ularga nisbatan qo‘llanilgan ta’sir choralarining natijadorligi oshishiga olib keladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA