Parlament quyi palatasining majlisida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi bilan davlat xaridlarida barqarorlik prinsiplarini joriy etish orqali davlat buyurtmachilariga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish belgilanmoqda. Shuningdek, davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaga kelib tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibini Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, sudning qaroriga ko‘ra, firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan ishtirokchilarni avtomatik tarzda Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritish taklif etilmoqda.
Davlat buyurtmachisi zaruratga ko‘ra, eng yaxshi takliflarni tanlash yoki tender natijalari bo‘yicha hadli kelishuv tuzish, yangi xarid turi hisoblangan kichik qiymatdagi xarid uchun soddalashtirilgan tartibini joriy etish ham qonun loyihasida o‘z aksini topmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi davlat xaridlari tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasi asosida davlat xaridlari sohasidagi xarid qilish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish hamda davlat xaridlari jarayonlariga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA