Adliya vaziri o‘rinbosari A.Karimov Qirg‘iziston Respublikasiga amalga oshirilgan tashrifi doirasida Qirg‘iziston Respublikasi Adliya vaziri A.Bayetov bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar ikki vazirlik o‘rtasida hamkorlikning bugungi holati, qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquqlarini ta’minlash, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish borasida o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Xususan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Adliya vazirliklari o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilayotgan qo‘shma chora-tadbirlar doirasida erishilgan aniq natijalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, joriy yil O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri raisligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan MDHga a’zo davlatlar adliya vazirlari kengashining navbatdagi majlisi yuzasidan bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud hamkorlik darajasini yuqori baholab, ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

N.Abduraimova, O‘zA