O‘zbekiston-Qirg‘iziston: Hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

562

Toshkent shahar hokimligida Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Musa Jamanbayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ikki davlat yetakchilarining oliy darajadagi uchrashuv va muloqoti tufayli erishilgan strategik hamkorlik asosida rivojlanib borayotganini qayd etdi. Poytaxt hokimligi ko‘p yillik do‘stlik va qardoshlik rishtalariga asoslangan hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligi bildirildi.

Musa Jamanbayev so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xalq farovonligi va barqaror taraqqiyot yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, aholining turmush darajasini oshirish, shuningdek, sayyohlarning madaniy hordiq chiqarishi va dam olishi uchun imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda.

Toshkent hamda Bishkek va O‘sh shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish muhimligini aytib, mamlakatlarimiz shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ijtimoiy, investitsiyaviy va boshqa loyihalarni faollashtirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli shahar delegatsiyalari tashriflarini amalga oshirish taklifini bildirdi.

Shuningdek, Shavkat Umurzoqov Qirg‘iziston elchisining taklif va tashabbuslari Toshkent uchun muhim ekanini ta’kidlab, barcha yo‘nalishlarda birgalikda ishlash, mavjud munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar eng samarali yechimlarga erishish uchun amaliy muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA