
O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Hu Vey Li bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vazirligi bilan adliya va huquq sohasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorlik aloqalari muhokama qilindi.
A.Karimov mehmonlarga aholiga yuridik xizmat ko‘rsatish, jumladan, ushbu sohada amalga oshirilayotgan so‘nggi islohotlar haqida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, janob Vey Li O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Xitoy Adliya vazirligining yuridik yordam ko‘rsatish va notariat sohasidagi asosiy vazifalari va funksiyalari haqida tanishtirdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani, turli sohalarda keng qirrali aloqalar rivojlanib borayotgani hamda oliy darajadagi o‘zaro ikki tomonlama tashriflar buning aniq misoli ekaniga urg‘u berib o‘tdilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasida huquqiy xizmatlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat doirasida tomonlar yuridik xizmat platformalarini yaratishda, advokatlik va notariat faoliyati, huquqiy yordam, sud-ekspertiza, arbitraj va tijorat mediatsiyasi sohalarida hamkorlikni amalga oshirishga kelishib oldi.
N.Abduraimova,
O‘zA