Ma’muriy tartib-taomillarning yagona mexanizmi yaratiladi

640

Senat yalpi majlisida «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.

Qonunning asosiy maqsadi – ma’muriy aktlarni qabul qilish, o‘zgartirish, ijro etish va bekor qilishga qaratilgan ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu qonunning qo‘llaniladigan sohasi kengaytirilmoqda. Qonun soliq, bojxona, davlat nazorati va tekshiruvi, fuqarolarning pensiya ta’minoti, harbiy ro‘yxatga olish va harbiy xizmatga chaqirish, shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalarini ajratish va olib qo‘yish kabi tartib-taomillarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Qonun o‘zboshimchalikni va vakolatning suiiste’mol qilinishini taqiqlash, huquqni qo‘llashni rad etishga yo‘l qo‘ymasligi kabi yangi prinsiplar bilan boyitildi.

Amaldagi prinsiplarga aniq va to‘liq ta’riflar berildi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslar bilan davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarni aniq belgilashga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga davlat organlari xodimlari tomonidan yetkazilishi mumkin bo‘lgan noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga, ma’muriy tartib-taomillarning yagona mexanizmi yaratilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

N.Abduraimova, O‘zA