O‘zbekiston delegatsiyasi “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” mintaqaviy seminarida ishtirok etdi

510

Markaziy Osiyo davlatlari vakillari uchun mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi. Vena shahrida o‘tgan anjumanda “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejalari muhokama qilindi.

Seminarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining ekspertlari va vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda gender tenglikni ta’minlash va tinchlik hamda xavfsizlik masalalarida xotin-qizlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan Milliy harakat rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi hamda tajriba almashildi.

Xususan, Oliy Majlis Senati a’zosi Gulnora Marufova yurtimizning mazkur sohadagi yutuqlari, xavfsizlik va tinchlikparvarlik sohasidagi qarorlarni qabul qilish jarayonlariga gender jihatlarni integratsiyalashga qaratilgan muvaffaqiyatli tajriba bilan o‘rtoqlashdi.

Xotin-qizlarni tinchlikparvar operatsiyalarda ishtirok etishga jalb qilish va nizolarni hal etish bo‘yicha tajriba almashish muhokamaning asosiy masalalaridan biri bo‘ldi. Bu jarayonda xotin-qizlar duch kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish usullari va ularni barcha darajadagi qarorlar qabul qilish jarayonlariga faol jalb etish yo‘llari muhokama qilindi.

Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan milliy harakatlar rejalarini rivojlantirishni davom ettirish va takomillashtirish, shuningdek, “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini amalga oshirishda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

N.Abduraimova, O‘zA