Advokatura sohasidagi ishlar samaradorligini oshirish uchun advokatlik tuzilmalari faoliyati takomillashtirilmoqda.

Shu maqsadda “Advokat stajyori va advokat yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom” yangi tahrirda tayyorlandi va tasdiqlandi.

Hujjat asosida advokaturaga ishga kirish yengillashtirildi. Endilikda stajyor tomonidan stajirovka o‘tash uchun taqdim qilinadigan hujjatlar qariyb ikki baravarga kamaytirildi.

Stajirovka davrida reja tasdiqlatish, referat tayyorlash, uni himoya qilish, ish bo‘yicha nutq yozish, yozma hisobotlar tayyorlash kabi byurokratik to‘siqlar bekor qilindi.

Shu bilan birga, nizomga muvofiq, stajyor va yordamchiga sud yoki tergov organlari ruxsati asosida advokat bilan birgalikda sudda yoki tergov organlarida ishtirok etish huquqi berildi.

Stajyorlarga o‘rindoshlik asosida stajirovka o‘tashga ruxsat berildi. Stajyorga rahbar bo‘lgan advokat litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turilgan yoki tugatilganda stajyor stajirovkani boshqa advokatlik tuzilmasida davom ettirishi mumkin.

Advokat stajyori va advokat yordamchisining faoliyati yuzasidan ikkita idoraviy normativ-huquqiy hujjat unifikatsiya qilindi.

Avval advokatlik tuzilmalarida stajirovka o‘tash uchun 6 tadan ortiq (ba’zida bundan ham ko‘p) hujjat taqdim etilgan. Shuningdek, stajirovka o‘tash davomida reja tasdiqlatish, referat tayyorlash va uni himoya qilish, ish bo‘yicha nutq yozish, yozma hisobotlar tayyorlash talab etilgan. Bu esa, ortiqcha vaqt sarflanishiga va ovoragarchilikka sabab bo‘lar edi. Bundan tashqari, stajyorning o‘rindoshlik asosida ishlashi ham mumkin emas edi. Endilikda aynan mana shu noqulayliklarga barham berildi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA