Bugun AOKA mutasaddilari hamda Fransiyaning Audiovizual hamkorlik bo‘yicha mintaqaviy attashesi Emmanuel Fosiyon, Fransiya elchisining birinchi maslahatchisi Maksim Jerenje, hamkorlik yo‘nalishida attashe Sipriyen Lyorua bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Fransiyaning O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi elchixonalari, Canal France International (CFI –Fransiya davlat agentligi) hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida joriy yilning 6-8-may kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo jurnalistlari forumini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, forum doirasida dezinformatsiyalarning tarqatilishi, jurnalistlarning media sohasidagi keskin o‘zgarishlarga moslashishi, OAVlarning auditoriyani kengaytirishdagi ishlari, shuningdek, axborot xavfsizligi bo‘yicha muhim va dolzarb mavzular yuzasidan panel sessiyalar tashkil etiladi.

Uchrashuvda kelgusida tadbirlar tashkil etishda hamkorlikni kengaytirish masalalari borasida ham fikr almashildi.

N.Usmonova, O‘zA