Mamlakatimiz elchisi Abdusalom Hotamov O‘mon parlamenti quyi palatasi raisi Xalil Al-Mavaliy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida O‘mon Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston bilan turli sohalardagi munosabatni rivojlantirish tarafdori ekani, xalqlarimizga xos tarixiy va madaniy mushtaraklik o‘zaro aloqani yanada chuqurlashtirishga asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi. Hamkor tomon o‘zaro tashriflarni faollashtirish ikki tomonlama munosabat rivojiga salmoqli hissa qo‘shishini qayd etdi.

Ikkala davlatning mavjud salohiyati va imkoniyatini ishga solish, transport-logistika, bank-moliya, turizm kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida muntazam muloqotni davom ettirishga kelishildi.

Xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish maqsadida madaniy-gumanitar aloqani faollashtirishga e’tibor qaratildi. Zero, O‘zbekiston va O‘mon xalqlarini an’anaviy mustahkam do‘stlik rishtasi bog‘lab turadi, madaniy tadbirlar esa ruhiyati va an’anasi juda yaqin xalqlar munosabatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda gender tenglik, hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida sheriklikni rivojlantirishga kelishib olindi.