O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov boshchiligidagi delegatsiya Tojikiston iste’molchilar ittifoqi raisi Ilhom Abidovning taklifi bilan mamlakat poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib turibdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki turdosh tashkilot o‘rtasida 2018-yilning 19-aprelida imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish, uni hayotga yanada kengroq joriy qilish va keyingi yillarda tashkilotlar tomonidan mazkur sohada to‘plangan tajribalarni almashishdan iborat.

Tashrif doirasida davlatlar o‘rtasida kundan kunga rivojlanib borayotgan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari sharoitida ikki hamkor tashkilot o‘rtasida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning transchegaraviy murojaatlarini ko‘rib chiqish, turizm sohasidagi hamkorlik masalalarida ochilayotgan yangi imkoniyatlarni muhokama qilish hamda bu borada istiqboldagi vazifalarni belgilab olish ham ko‘zda tutilgan.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri