2024-yilning 16–17-aprel kunlari Italiyaning Florensiya shahrida “O‘zbekiston: sahrodagi avangard” nomli turkum ko‘rgazmalar tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi axborot xizmatiga ko‘ra,  ko‘rgazmalarda ilk bor O‘zbekiston davlat san’at muzeyi va Igor  Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyining to‘plamlarida saqlanayotgan eng sara rangtasvir va grafika asarlari namoyish etilmoqda.

“O‘zbekiston: sahrodagi avangard” ko‘rgazma loyihasining Florensiya bo‘limi “Nur va rang” deb nomlanadi. Bunda asosiy e’tibor Turkistonda 1917-yilgacha ijod qilgan rus Sharq ixlosmandlaridan boshlab to XX asrning birinchi yarmida O‘zbekistonda shakllangan milliy rangtasvirchilik maktabi namoyandalarining kartinalari bilan tanishish mumkin.

Mazkur loyihaning targ‘ibot roligini yaratishda V.Lisenkoning “Buqa” va V.Ufimsevning “Poyezdga” kabi zalvorli asarlarini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Targ‘ibot videoroligida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Nido” dostonidagi she’riy misralardan foydalanilgan.

Pitti saroyida “Nur va rang” loyihasining Florensiya bo‘limi jamoatchilik uchun 16-apreldan 30-iyungacha ochiq bo‘ladi.

“O‘zbekiston: sahrodagi avangard” nomli turkum ko‘rgazmalarning yana bir “Shakl va ramz” nomli Venetsiya bo‘limi ekspozitsiyasi keng jamoatchilik  uchun  17-apreldan 29-sentyabrga qadar Ka-Foskari universitetining ko‘rgazmalar maydonida namoyish etiladi.

 

N.Usmonova,

O‘zA