O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlar forumi bo‘lib o‘tadi

464

Ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida 2024-yilda O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlar forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi.

Mazkur anjuman «BMT-ayollar» tuzilmasi bilan birgalikda joriy yil 13-14-may kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladi.

Forum doirasida mintaqa xotin-qizlarining fan, ta’lim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi muhokama qilinadi. Hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali qashshoqlikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalariga e’tibor qaratiladi.

Forumni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Oliy Majlis Senatida Osiyo xotin-qizlar forumini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzildi.

Forumga tayyorgarlik bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda dunyo iqtisodiyotida eng katta ulushga ega davlatlar aynan Osiyo mintaqasida joylashgani, ta’lim, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi yutuqlar ushbu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva forumda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi ko‘rib chiqilishi muhim ahamiyat kasb etishiga to‘xtaldi. Zero, zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish, ish joylarini ayollar uchun teng va xavfsiz qilish, ish joyida kamsitish va zo‘ravonlikka barham berish masalalari bugungi kunda dolzarb hisoblanadi.

BMT ayollar holati bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasi qarorlarining amaliy ijrosi, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, biznes va jamiyatda ularning ishtirokini rag‘batlantirishda parlamentlarning o‘rni hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda mintaqadagi nohukumat tashkilotlarining roli masalalari ham ko‘rib chiqiladi.

Yig‘ilishda nufuzli anjumanning tashkiliy jihatlari, kun tartibi, xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Tegishli idora va tashkilotlarga vazifalar belgilab berildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA