Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30-martdagi 181-sonli qarori bilan «Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, Baholash guruhining har bir a’zosi loyihalarni tanlab olish va toifalarga ajratish masalalarida uch ish kunida o‘z fikr va mulohazalarini berishi shart. Guruh a’zosi ushbu muddat davomida munosabat bildirmagan taqdirda, u tomonidan ijobiy xulosa berilgan deb hisoblanadi. Avvalgi tartibda ushbu uch kunlik muddat belgilanmagan edi. Chinovniklar istagan vaqtida qarab, istamasa arizalar ushbu guruhning tasdig‘idan o‘tishda uzoq vaqt qolib ketayotgan edi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan jismoniy shaxslar moliyaviy instrumentlardan foydalanish huquqini qo‘lga kiritganda belgilangan tartibda tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Endilikda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 100 mln. so‘mgacha garovsiz kreditlarning 50 foiz qismi ularning bank kartalariga o‘tkazib berilishi mumkin.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA