Germaniyaning “Mannheimer Morgen” gazetasida Tamara fon Rexenberg ijodiga mansub “O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi” nomli kitob-albom nashr etilgani haqida maqola chop etildi.

Maqola muallifi Mixael Rossner qayd etishicha, fotograf Osiyo va Amerikaning ko‘plab mamlakatlariga safar qilgan. Turli madaniyat va landshaftga bo‘lgan yuqori qiziqish uni 2019-yil O‘zbekistonga chorladi. Sayohati davomida ushbu sehrli diyor taassurotidan ilhomlangan haydelberglik tadbirkor o‘zi olgan suratlarni kitob holida chop etishga qaror qildi.

“abc-Verlag Heidelberg” nashriyoti tomonidan bosilgan, 224 sahifani egallagan yuqori sifatli suratlardan iborat ushbu asar matni nemis va ingliz tillarida bitilgan. Bu o‘quvchilar soni ko‘payishiga xizmat qilib, muallifga o‘z ishini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish imkonini beradi.

– Ko‘plab do‘stlarim, tanishlarim O‘zbekistonga juda qiziqishadi, lekin mamlakatning tabiati, go‘zalligi va odamlari haqida, afsuski, yetarli taassurotga ega emas, – deya kitob muallifi fikridan iqtibos keltirilgan maqolada. – Men suratlarim, mamlakat haqida to‘plangan ma’lumot va O‘zbekistonga uyushtiriladigan kichik sayyohlik guruhlari ishtirokidagi turlar orqali odamlarni ushbu mamlakatga borishga undayman.

Materialda yozilishicha, nemis fotografi O‘zbekistondagi YUNESKO Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz shaharlarida bo‘lgan. Qizilqum cho‘li, Farg‘ona vodiysi va Toshkentga sayohat qilgan.

– Kitob Ipak yo‘lida joylashgan serquyosh diyorning turfa tarixiy go‘shalarida olingan suratlar bilan boyitilgan, – ta’kidlaydi yana muxbir. – Maftunkor suratlar ushbu ertaknamo mamlakatning madaniy merosi, turizm salohiyati bilan yaqindan tanishtiradi.

Qayd etilishicha, kitob muallifi Tamara fon Rexenbergning “cct: werbeagentur” kompaniyasidagi 35-yillik rahbarlik faoliyati unga 3D-dizayn, kino va fotografiya sohalarida tajribali mutaxassis bo‘lib yetishish barobarida ishbilarmon ayol maqomiga ega bo‘lish imkonini bergan.

O‘zA