Oliy Majlis Senati hududlar rivojida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari rolini oshirishga doimiy e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda o‘quv seminarlari, uchrashuvlar tashkil etilib, ularning faoliyati sarhisob qilib borilmoqda.

Hududlardagi senatorlar, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyat mudirlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan  navbatdagi onlayn uchrashuvda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarni manzilli o‘rganish hamda samarali nazoratni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib borgan seminarda joriy yil 2-fevralda qabul qilingan Prezidentimizning “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilindi.

Mahalliy Kengashlar faoliyatida uchrayotgan ayrim muammoli masalalar ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlarning ijrosi ustidan samarali nazorat o‘rnatish masalalariga yetarli e’tibor qaratilmayotgani qayd etildi.

Senat Raisi belgilangan vazifalar va loyihalar ijrosi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish, qolaversa, ularning amalga oshirilishida yaqindan ko‘maklashish bo‘yicha ishlab chiqilgan mexanizm asosida ishlarni tashkil etish masalasiga to‘xtaldi. Bunda, kengash, uning kotibiyati doimiy komissiyalari hamda deputatlar oldidagi vazifalar yuzasidan batafsil tushuntirish berdi.

Endilikda Prezident hujjatlarida, hukumat qarorlarida tegishli “yo‘l xaritalari”da va boshqa qonunchilik hujjatlarida hududni ijtimiy iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar, amalga oshiriladigan loyihalar manzilli biriktiriladi.

Deputatlar tomonidan ushbu vazifalar ijrosi ustidan nazorat o‘rnatilishi bilan birga, ularning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishida ijro hokimiyatiga amaliy yordam  ko‘rsatiladi.

Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar har chorak yakuni bo‘yicha tegishli tuman, shahar viloyat kengashlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi majlislarida tanqidiy muhokama qilib boriladi. Joylardagi muammolarni “mahalla yettiligi” bilan birgalikda “tuman – viloyat – respublika” darajasida ko‘tarib chiqish hamda hal etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Uchrashuvda ishlarni ushbu tizim asosida namuna sifatida yo‘lga qo‘ygan ayrim mahalliy Kengash vakillarining fikrlari eshitildi.

Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda muhokama etilgan masalalar bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi. Yangi tizim bo‘yicha ishlarni hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA