Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida “Women in Tech Uzbekistan”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xotin-qizlarning fan va texnologiyalar sohasida muvaffaqiyatga erishishlarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan “Women in Tech” xalqaro notijorat tashkilotining bosh ofisi Parijda joylashgan bo‘lib, 48 mamlakatda filiallari mavjud.

Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda ushbu tashkilot o‘z faoliyatini boshladi. Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vazirligi mas’ul xodimlari, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari, respublikaning yirik IT-kompaniyalari vakillari hamda sohaga qiziquvchilar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida O‘zbekistondagi ayollar va qizlar uchun mazkur sohalardagi imkoniyatlarning yillik rejasi taqdimoti, Maslahatchilar kengashi taqdimoti hamda ushbu Kengash vakillari bilan texnologiya sohasidagi imkoniyatlar va muammolar, jumladan, gender masalalari yuzasidan panel muhokamalar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi yetakchi texnologiya kompaniyalari muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi.

Xorijlik mehmonlarga o‘zbek madaniyatining boy merosini tarannum etish, uning mumtoz va xalq amaliy san’ati, ijrochilik an’analari, urf-odat va marosimlarini namoyish qilish maqsadida madaniy konsert dasturi namoyish etildi.

Interaktiv tarzda o‘tkazilgan ushbu tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan bir qatorda, eng yaxshi savol egalari e’tirof etildi.

N.Rahmonova, O‘zA muxbiri