O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) prezidenti Serkan Kayalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va TIKA o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati, Agentlikning mamlakatimizdagi faoliyatini yanada kengaytirish istiqboli yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda 1993-2023 yillar davomida TIKA tomonidan turli sohalarda umumiy qiymati 60 million dollarga teng 900 dan ziyod loyiha va dastur muvaffaqiyatli amalga oshirilgani qayd etildi. Joriy yil yana 13 loyihani yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Davlat idoralari xodimlari malakasini oshirish, imkoniyati cheklangan bolalar uchun ta’lim tizimini takomillashtirish va tarixiy obidalarni rekonstruksiya qilishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.