Adliya vazirligi tomonidan sun’iy intellekt imkoniyatlari yordamida ilk multfilm tayyorlandi.

“O‘rmonchi chol va bosqinchi brakonerlar” deb nomlangan mitti filmda o‘rmonda yashovchi daraxtlar oilasi bilan mudhish voqea sodir bo‘lgani hikoya qilinadi.

Brakonerlar o‘rmonga bostirib kirib, daraxtlarni kesib tashlamoqchi bo‘lishdi. Shunda ularni himoya qiluvchi o‘rmonchi amaki va qonun himoyachilari daraxt kushandalarini qo‘lga olib,  javobgarlikka tortilishini ta’minlaydi.

Butun dunyo, xususan, O‘zbekistonda ekologik muammolar avj olgan, daraxt kesishdek noxush holatlar uchrab turgan hozirgi kunda bu multfilmning ahamiyati beqiyos.

Nafaqat tabiat ko‘rki, balki biz nafas oladigan havoni kislorod bilan to‘yintiradigan daraxtlarni asrash g‘oyasi chiroyli tarzda ifoda etilgan multfilm nafaqat bolalar, balki kattalarda ham iliq taassurot qoldiradi. O‘z navbatida, film muhim tarbiya vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA