“Diplomatik rakurs” loyihasining navbatdagi mehmoni Saudiya Arabistoni Podshohligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf bin Solih Al-Gahra Al-Utaybiy.

– Janob elchi, O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 32 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan bir necha savollarga javob bersangiz. Dastlab O‘zbekiston haqidagi taassurotingiz…

– Faoliyat taqozosiga ko‘ra, O‘zbekistonga kelishimdan avval Misr Arab Respublikasida ishladim. Dunyoning boshqa ko‘p mamlakatlarida bo‘lganman. To‘g‘risi, o‘zbeklar kabi mehmondo‘st, ko‘ngli ochiq, xayrixoh millatni ko‘rmadim. Nafaqat rasmiy uchrashuvlar chog‘ida, balki odamlar orasida ham doim mehr-oqibat kuchli ekaniga guvohman. Yurtingizga kelganimga  ikki yildan oshdi. Har kuni o‘zimga bir yangilik kashf etaman. O‘zbekistonning   buyuk insonlari, qomusiy bilim sohiblari, butun musulmon olamiga dong taratgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy kabi jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyoti bilan umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkirlar merosini chuqurroq o‘rganyapman. Shuningdek, umummilliy harakatga aylanib borayotgan ezgu amal – “Yangi O‘zbekiston” ni barpo etish va “Uchinchi Renessans” ni yaratishdek strategik vazifalar milliy g‘oya darajasiga ko‘tarilganini olqishlayman.

O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni munosabati so‘nggi yillarda ijobiy sur’at kasb etib, boy amaliy mazmunga ega bo‘lmoqda. O‘zaro aloqa va almashinuv izchil davom ettirilishi natijasida hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Eng muhimi, har ikki tomon turli sohalarda o‘zaro manfaatli konstruktiv sheriklikni davom ettirishga tayyor.

– O‘zbekiston va Saudiya aloqalari keyingi yillarda ancha faollashdi. Umuman, mamlakatimizning Ko‘rfaz arab davlatlari bilan hamkorligida Podshohlik qanday o‘rin tutadi va aksincha, Saudiyaning xorijiy hamkorlari orasida O‘zbekistonning o‘rni qanday va bu qiyos nimalarga asoslanadi?

– Saudiya Arabistoni Podshohligi 1991 yil 30 dekabr sanasida birinchilar qatori rasman O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini e’tirof etgan. 1992 yil fevral oyida marhum shahzoda – tashqi ishlar vaziri Saud Al-Faysalning Toshkentga tashrifi chog‘ida o‘zaro diplomatik aloqa o‘rnatish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolangan. Shu yilning noyabr oyida Jidda shahrida O‘zbekiston konsulxonasi, 1995 yil mayda poytaxt Ar-Riyodda elchixona ochildi. 1997 yil martda Toshkentda Podshohlik elchixonasi faoliyat boshladi.

Qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi bugungi aloqa ikkala davlat rahbarlarining o‘zaro yaqin munosabatni yanada kengaytirish va mustahkamlashga intilishini yaqqol aks ettiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil avgustdagi Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan davlat tashrifini alohida aytib o‘tishim kerak. Ulkan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘sha tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev va Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi. Turli darajadagi aloqa ancha faollashgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Shundan buyon Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari muntazam o‘tkazilmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash miqdori ortmoqda, qo‘shma korxonalar tashkil etilyapti. Shu bilan birga mamlakatlarimiz, eng avvalo, savdo-iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish uchun ulkan salohiyatga ega. Oliy darajadagi muzokaralar qarash va intilishlar mushtarakligini namoyon etmoqda.

– Ma’lumki, davlatlarimiz iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qiladigan ko‘plab ikki tomonlama tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Shular orasida strategik ahamiyatga ega loyihalar sifatida qaysilarini e’tirof etish mumkin?

– Saudiyaning “Nigoh – 2030” Davlat dasturi hamda “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi o‘rtasida umumiylik ko‘p. Qator jihatlar yuzasidan qarashimiz, yondashuvimiz o‘xshash. Davlatlarimiz xalqaro doirada bir-birini doim qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Energetika va neft-kimyo sohalaridagi sheriklikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor. “ACWA Power” kompaniyasi bilan jami 2 milliard 600 million dollarlik yirik loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. Kimyo tarmog‘ida “SABIC” kompaniyasi bilan sheriklik istiqbolli. Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida O‘zbekiston hududlarida transport, suv ta’minoti, elektr tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston – Saudiya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, yakunda energetika, kimyo, elektrotexnika, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida umumiy qiymati 14 milliard dollardan oshadigan kelishuv, shartnomalar imzolandi. Madaniy-gumanitar aloqani mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatini yanada kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilingan. Ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi yo‘nalishlarda hamkorlikka doir 15 hujjat qabul qilingan.

– O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining ta’lim sohasidagi hamkorligi doirasida endilikda abituriyent yoshlarimiz arab tilini o‘rganish maqsadida Podshohlikdagi istalgan oliygohga onlayn hujjat topshirmoqda. Ularga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

– Bugungi kunda o‘zbekistonlik o‘n mingdan ziyod talaba Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiy tillaridan biri hisoblangan arab tilini o‘rganmoqda. Ayni yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Podshoh Saud universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Umuman, ikki mamlakat turli oliy o‘quv yurtlari amaliy sherikligi tobora kengaymoqda. 2023 yil iyun oyida Umm Ul-Qur’a universiteti rahbarlari  O‘zbekistondagi oliygohlar, xususan TDSHU hamda Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurib, hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, Podshoh Salmon nomidagi arab tilini o‘qitish akademiyasi dasturi amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda bakalavr bosqichida o‘qishni istagan kishi “Saudiya Arabistonida tahsil ol” platformasiga kirishi va ta’lim olish uchun xohlagan yo‘nalishini tanlashi mumkin. Boshqa qator jabhalarda ham sezilarli umumiy yutuqlarga erishilmoqda.

– Ma’lumki, O‘zbekistonning yetakchi Milliy axborot agentligi – O‘zA va Saudiya Arabistoni Podshohligi davlat axborot agentligi – SPA o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilib, tegishli memorandum imzolangan. Axborot almashish va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan sheriklikni yanada rivojlantirish  bo‘yicha takliflaringiz?

– Kuzatishlarim tufayli shuni ta’kidlamoqchimanki, SPA hamda O‘zA sahifalarida har ikki davlatda iqtisodiy, sarmoyaviy, ijtimoiy reja va dasturlar amalga oshirilishi, mamlakatlarimizning xalqaro miqyosdagi siyosiy o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan materiallar muntazam yoritmoqda. Xususan, 2023 yil 19 iyul kuni Jidda shahrida Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan strategik muloqotning birinchi sammiti, transport-kommunikatsiya, oziq-ovqat, energetika va suv xavfsizligini kafolatlash, “yashil”, tiklanuvchi energetika manbalari va texnologiyalarini rivojlantirishda hamkorlik qilish, savdo aloqalari uchun sharoit yaratish, investitsiya imkoniyatini qo‘llab-quvvatlash, savdo ayirboshlash miqdorini oshirish masalalari batafsil bayon etildi.

OAV ommani yangiliklar bilan doimiy ravishda tanishtirib boradi. Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston qo‘shma qo‘mitasi oltinchi majlisi tafsiloti, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining 2025 yil Samarqandda o‘tadigan ikkinchi sammitiga tayyorgarlik jarayoni, shuningdek ikki davlat  xususiy sektorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va boshqa ko‘plab mavzularni tezkor, shaffof va tahliliy tarzda o‘quvchilarimizga yetkazish doimiy e’tibor markazida. Shaxsan, men axborot makonida milliy kontent mustahkamlanishi va muntazam rivojlanishi tarafdoriman. Qalam ahliga esa bu zalvorli va mas’uliyatli yo‘lda muvaffaqiyat tilayman.

Suhbatimiz so‘ngida Saudiya Arabistoni O‘zbekistonda umumiy qiymati qariyb 31 milliard dollarlik 50 ta investitsiya tashabbusini ilgari surgani, ushbu loyihalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlari doirasida nazarda tutilgan 110 milliard dollarlik xorijiy investitsiya joriy etilishini ta’minlashga qaratilganini ta’kidlamoqchiman. Energetika, qayta tiklanadigan energiya, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, inson resursini rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yish, buning uchun zarur sarmoya kiritish bo‘yicha yutuqlarga erishilmoqda. O‘zaro aloqalar rivojida Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi muhim o‘rin egallaydi. Jamg‘arma O‘zbekistonga taqdim etgan imtiyozli kredit 300 million dollardan oshdi. Toza va tiklanadigan energetika sohasida faoliyat ko‘rsatadigan “ACWA Power” shirkati sarmoyasini 15 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Podshoh Salmon nomidagi yordam va insonparvarlik markazi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda turli yo‘nalishlarda tashabbus va dasturlar taqdim etmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokida qirqqa yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. “ACWA Power”, “Al-Habib Medical Group” va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan loyihalar muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etilgan. Investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanilmagan imkoniyatlarni hisobga olgan holda, tomonlar kimyo, metallurgiya, tog‘-kon va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Ushbu loyihalarda ishtirok etish uchun ishbilarmon doiralar vakillarini jalb qilish yuzasidan birga ishlashga kelishib olingan. Savdo, iqtisodiyot, fan va texnologiya, madaniyat, sport va yoshlar sohasida kelishuvni nazorat qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 6-yig‘ilishi, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi 5-majlisida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Kelishilgan loyiha va tashabbuslarni yanada faol ilgari surish ustida ish olib borilmoqda.

Muharrama Pirmatova,

Doniyor Yakubov (surat), O‘zA