Yoshlar ijod saroyida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yosh kitobxon” tanlovi respublika final bosqichining 15-19 yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash tadbiri o‘tkazildi.

“Yosh kitobxon” tanlovi 3 ta yosh toifasida jumladan, 10-14, 15-19, 20-30 yoshlar o‘rtasida mahalla – sektor – tuman – hudud – respublika bosqichlarida o‘tkazilmoqda. Tanlovda ishtirokchilar 5 ta shart – “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adib”, “She’riyat”, “Insho yozish” shartlarida bellashadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun 10-14 yoshdagilar maxsus shakllantirilgan ro‘yxat asosida 40 nomdagi, 15-19, 20-30 yoshdagilar 50 nomdagi o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari, ilmiy-ommabop asarlarni o‘qish belgilangan. Tanlovda ishtirokchilarning kitoblarda ilgari surilgan Vatan, oila va do‘stlarga bo‘lgan sadoqat g‘oyalari, komil inson fazilatlari yuzasidan mustaqil fikr yuritishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Shunga ko‘ra, “Yosh kitobxon” tanlovi respublika final bosqichining 15-19 yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Xususan, 1-o‘rin Qashqadaryo viloyatidan Mironshoh Nurmatovga, 2- o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Hulkaroy Qalandarovaga, 3-o‘rin esa Andijon viloyatidan Dilnavoz Xaytaxmatovaga nasib qildi.

G‘oliblar munosib taqdirlandi. Jumladan, 1-o‘rin uchun Kobalt avtomobili, 2 o‘ringa 50 million so‘m va 3 o‘ringa 30 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Mazkur final bosqichida qatnashgan barcha ishtirokchilar 10 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Gulnoza Boboyeva, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA