Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Mazkur masala bo‘yicha deputat F.Ashmatov ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizga muvofiq, mahkumlarga insoniy munosabatda bo‘lish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida xalqaro organlarga murojaat qilishi hamda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etib ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylov va referendumlarda ishtirok huquqlari kafolatlandi.

Shu bilan birga, jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga jalb etilgan mahkumlarga haq to‘lanadigan ish davrini ularning umumiy mehnat stajiga ijtimoiy soliq to‘langan davrni qo‘shib hisoblash amaliyoti joriy etildi. Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan insonparvarlik tamoyili asosida munosabatda bo‘lish, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlashga oid bir qator normalar kiritilmoqda. Jumladan, mazkur Kodeksning 9-moddasiga “O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyasiga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etish” to‘g‘risidagi qo‘shimcha norma kiritilmoqda.

Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 9-moddasi (Mahkumlarning asosiy huquqlari)da mahkumlarning jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ ma’muriyatiga, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalariga murojaat etish huquqi berilgan bo‘lib, mahkumlar tomonidan inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish huquqi qonunchilik normalarida belgilanmagan edi. Qonun loyihasi bilan aynan shu moddaga qo‘shimchalar kiritish orqali og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etib ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylov va referendumlarda ishtirok etish huquqi belgilab berilmoqda.

Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (Ombudsman) va Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga (Bolalar ombudsmani) maxsus murojaat qutisi orqali murojaat yo‘llashiga doir huquqi mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqilib, uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA