“Betaraflik do‘stlari” guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa formatidagi tadbir Turkmaniston Milliy Kengashi Majlisi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, tinchlik va muloqotni mustahkamlashda parlament hamkorligining o‘rniga bag‘ishlandi.

Forumda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, shuningdek, turli mamlakatlar parlamentlari spikerlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida “Betaraflik do‘stlari” guruhi Turkmaniston tashabbusi bilan tuzilgan BMTga a’zo davlatlarning norasmiy birlashmasi hisoblanadi.

Tadbirda “Betaraflik do‘stlari” guruhi tinchlikni mustahkamlash yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani, ayni vaqtda parlament a’zolari qonun chiqaruvchilar sifatida tinchlik yo‘li bilan yechim topish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

– Hozirgi kunda tobora kuchayib borayotgan tahdidlar sharoitida ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash zarurati ortib bormoqda, – dedi T.Norboyeva. – Ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni har tomonlama ta’minlash va mamlakatlar o‘rtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish xalqaro miqyosdagi keng ko‘lamli hamkorlikning asosiy vazifalariga aylanayotir. Bugungi uchrashuvimizni parlamentlarning ko‘p tomonlama formatdagi amaliy hamkorligiga qo‘shimcha sifatida hamda ularning mamlakatlarimiz barqarorligi va farovonligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan tinchlik va muloqotni mustahkamlash borasidagi eng muhim masalalarni muhokama qilishga jalb etish vositasi sifatida qaraymiz.

Ishtirokchilar parlamentlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirish muhimligini qayd etib, bu kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha mutanosib qarorlar shakllantirish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishiga urg‘u berdi.

Tadbir yakunida “Betaraflik do‘stlari” guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlari birinchi uchrashuvining tinchlik va muloqotni mustahkamlashda parlament hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan yakuniy hujjati qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA