O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan “Sog‘lom oila –- mustahkam oila” loyihasi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filialida “Onkologiyaning kelib chiqish sabablari va uning oldini olish yo‘llari” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Uchrashuvda asosan bugungi kunda xotin-qizlar orasida ko‘proq uchrayotgan onkologik kasalliklarning kelib chiqish sabablari, ularni erta aniqlash va oldini olishda ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish kerakligi masalalari muhokama qilindi.  Darhaqiqat, onkologik kasalliklar butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham, afsuski, yil sayin ko‘payib bormoqda.  Buning asosiy sabablaridan biri – o‘sma kasalliklarining kech bosqichda aniqlanishi va kasallikning yashirin kechishi hamda erta bosqichlarda murojaat qilinmasligidir.

– Bugungi kunda ushbu kasalliklarning oldini olish yuzasidan yurtimizda samarali ishlar olib borilmoqda, –  deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filiali radiologiya bo‘limi shifokori Dauletbay Qalbayev. – Xususan, kasallik namoyon bo‘lishiga gormonlar boshqaruvining buzilishi, stress sabab immunitet kamayishi, ortiqcha vazn sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, moddalar almashinuvining buzilishi, quyosh nurida ko‘p yurish, ultrabinafsha nurlar va tashqi muhitning o‘zgarishi, surunkali kasalliklarni davolamaslik ham bunga sabab bo‘ladi. Kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olish ma’qul. Bu  mamlakatimiz tibbiyotining eng ustuvor tamoyiliga aylanmoqda. Chunki onkologik kasalliklar hech qachon darrov belgi bermaydi. Tana a’zosining butunligini buzganida yoki vazifasini izdan chiqarganida, belgi berishni boshlaydi.

Nafaqat O‘rta Osiyo davlatlari, balki rivojlangan mamlakatlarda ham bu kasallik ko‘payayotgani, ayniqsa, yurtimizda xotin-qizlar orasida ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni ko‘proq uchrayotgani qayd etildi. Mazkur turdagi kasalliklarni, xavfli o‘smalarni davolash bosqichi kimyo, nur va gormon terapiyalarini o‘z ichiga oladi. Shu bois ham har bir inson o‘z sog‘ligiga bee’tibor bo‘lmay, har 6 oydan  chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi, kasallik erta aniqlangan  paytida uning oldini olishga harakat qilish kerakligi hayotiy tajribadan kelib chiqib, misollar bilan  tushuntirildi.

Muloqot davomida mahalla xotin-qizlari o‘zlarini qiynab yurgan savollarga tajribali shifokorlardan javoblar olishdi. Bundan tashqari, ular tajribali mammolog shifokorlar va UTT apparatida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib,  kerakli maslahat va tavsiyalar berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri